Yallig‘lanishning bu turi patogen omillar ta’siriga javoban darhol va erta muddatlarda boshlanadigan yallig‘lanish reaksiyasidir. Etiologiyasi va patogenezi. O‘tkir yallig‘lanishga olib boradigan sabablar juda har xil. Ular kelib chiqishi jihatidan ekzogen va endogen bo‘lishi mumkin. Yallig‘lanishning ekzogen omillariga quyidagilar kiradi: 1) fizik omillar (nur va elektr energiyasi, yuqori va past harorat, har xil shikastlar, ya’ni travmalar), 2) kimyoviy omillar (kislotalar, ishqorlar, dori preparatlari, skipidar va kroton moyi bular qatorida alohida o‘rinda turadi), 3) biologik omillar — mikroblar (stafilokokklar, streptokokklar, pnevmokokklar, ichak tayoqchasi va boshqalar), viruslar. Yallig‘lanishga sabab bo‘lgan kimyoviy moddalar endogen yo‘l bilan ham yuzaga kelishi mumkin. Chunonchi, uremiya mahalida, o‘t yo‘llari tikilib qolgan paytlarda, nekrozga uchragan va qon quyilgan joylarda shunday moddalar yuzaga keladi. Ular o‘zi qaysi joyga ajralib chiqadigan bo‘lsa, o‘sha joyni yallig‘lantiradi. Masalan, uremik toksin fibrinoz enterokolit, fibrinoz perikarditga sabab bo‘ladi.
Bosh sahifa » 2011 Yanvar